Nima uchun aynan ingliz tilini oʻrganishingiz kerak?

18 Nov 2021

Nima uchun aynan ingliz tilini oʻrganishingiz kerak?

Ingliz tilini oʻrganishning ahamiyati.

Hozirgi kunda koʻplab odamlar ingliz tilini ikkinchi til sifatida oʻrganmoqda. Dunyo boʻylab koʻplab mamlakatlarning maktab oʻquv dasturiga ingliz tili fan sifatida kiritilgan boʻlib, bolalar ingliz tilini kichik maktab yoshidan boshlab oʻrganmoqdalar. Ammo ingliz tilini oʻrganishning asosiy sababi nimada?

Agar siz yangi ish qidirayotgan yoki dunyo boʻylab sayohat qilishni rejalashtirayotgan boʻlsangiz, ingliz tilini oʻrganish hayotingizda ham shaxsiy, ham professional darajada muvaffaqiyatga erishishingizga yordam beradi. Siz jahon mehnat bozorida erkin raqobatlasha olasiz, malaka koʻnikmalaringizni oshirish va butun dunyo boʻylab odamlar bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlasiz.

Shunday ekan keling bugun nima uchun ingliz tilini oʻrganish juda muhimligi haqida suhbatlashamiz. Quyida Siz bilan Ingliz tilini oʻrganishishingiz uchun 10 ta eng optimal sabab bilan tanishib chiqamiz.

Nima uchun ingliz tilini oʻrganish bugungi kunga kelib zamon talabiga aylandi?

Dunyo boʻylab Ingliz tili eng koʻp ishlatiladigan tillardan biri ekanligini har sohada koʻrishimiz mumkin. Koʻplab xalqaro biznes uchrashuvlar Ingliz tilida olib boriladi, shu bilan birga turli oʻquv kurslar Ingliz tilida oʻqitiladi, shuningdek turist va sayohatchilar barcha uchun umumiy til sifatida Ingliz tilida suhbatlashishadi.

Ammo qanday qilib Ingliz tili bu darajada ommalashishga erishdi?

Bularning barchasi rivojlanishining eng yuqori choʻqqisida yer yuzasining 25% ni egallagan Buyuk Britaniya imperiyasiga borib taqaladi. Mustamlaka davrida Britaniya hukmdorlari, koʻpincha oʻsha mamlakatlardagi odamlarni oʻz ona tillarida emas, balki ingliz tilida gapirishga majbur qilishardi. Ingliz tilining dunyo tili sifatida kelib chiqishi murakkab oʻtmishga ega boʻlsa-da, bu til ommaviy axborot vositalari, savdo va biznesda muhim iz qoldirdi. Agar siz hali ham tilni oʻrganishga ishonchingiz komil boʻlmasa, unda quyidagi sabablar bilan tanishib chiqing.


Ingliz tilini oʻrganish uchun 10 ta sabab

1. Ingliz tili — global tildir

Ingliz tili dunyodagi eng koʻp gapiriladigan tillardan biridir. Har besh kishidan biri ingliz tilida gaplasha oladi yoki hech boʻlmaganda tushuna oladi!

2. Ingliz tilini oʻrganish Sizga ishga joylashishga yordam beradi

Ingliz tili fan, aviatsiya, kompyuterlar, diplomatiya va turizm tilidir. Ingliz tilini bilish Sizning oʻz yurtingizdagi koʻp millatli kompaniyada yaxshi ishga joylashish yoki chet elda ish topish imkoniyatingizni oshiradi.

3. Ingliz tilini oʻrganish Sizga yangi odamlar bilan tanishishga yordam beradi

Ingliz tili 53dan ortiq davlatning rasmiy tili boʻlib, butun dunyo boʻylab odamlar tomonidan lingua franca (oʻzaro maʼlumot almashuv tili) sifatida ishlatiladi. Bu Pekinda ishlaysizmi yoki Braziliyada sayohat qilyapsizmi, ingliz tilini oʻrganish Sizga dunyoning turli burchaklaridan kelgan odamlar bilan suhbatlashishga yordam berishi mumkinligini anglatadi.

4. Koʻpgina ilmiy ishlar ingliz tilida yozilgan

Oʻtgan asrlarda ingliz tilida yozilgan ilmiy maqolalar soni tadqiqotchining ona tilida yozilgan maqolalar sonidan koʻproq ekanligi tasdiqlandi. Masalan, Niderlandiyada bu nisbat 1 ga 40 ga teng shu sababli, ingliz tilini bilish ilmiy sohada ishlaydiganlar uchun juda muhim hisoblanadi.

5. Ingliz tili media sanoatining tilidir

Gollivudning jahon ommaviy axborot vositalarida mashhurligi tufayli juda koʻp filmlar, telekoʻrsatuvlar va mashhur qoʻshiqlar ingliz tilida yoziladi. Agar siz ingliz tilini bilsangiz, sevimli kitoblaringiz, qoʻshiqlaringiz, filmlaringiz va telekoʻrsatuvlaringizdan bahramand boʻlish uchun endi tarjimalar va subtitrlardan foydalanishingiz shart emas. Ularni asl variantlaridan foydalangan holda bahramand boʻlishingiz mumkin.

6. Ingliz tili ijtimoiy tarmoqlar tilidir.

Ingliz tili juda muhim onlayn til boʻlib, Internetdagi maʼlumotlarning yarmidan koʻpi ingliz tilida yozilgan. Bundan tashqari, dunyodagi eng yirik texnologik kompaniyalar ingliz tilida soʻzlashadigan mamlakatlarda joylashgan.

7. Ingliz tilini yaxshi bilsangiz, sayohat qilishingiz ancha osonlashadi.

Tasavvur qiling-a, siz Tailandda dam olayotgan oʻzbeksiz, mehmonxonangizning administratori sizning savolingizga oʻzbek tilida javob bera olmasligi mumkin, lekin u sizning savolingizga ingliz tilida javob bera oladi.

8. Ingliz tili biznes uchun eng muhim tillardan biridir

Biznes egasi, talaba yoki xodim boʻlasizmi, ingliz tili biznes olamida juda muhim ahamiyatga ega. .Ingliz tili Amerika Qoʻshma Shtatlarining de-fakto tili va Buyuk Britaniya, Kanada, Hindiston va Janubiy Afrikaning rasmiy tili boʻlganligi sababli eng muhim ish tillaridan biri hisoblanadi.

9. Ingliz tili bilan butun dunyo boʻylab taʼlim olishingiz mumkin

Ingliz tili juda koʻp turli mamlakatlarda birinchi va ikkinchi til sifatida qabul qilinganligi sababli, butun dunyo boʻylab ingliz tilida oʻquv dasturlarni taklif qiluvchi minglab maktab va universitetlar mavjud. Agar Siz ingliz tilini yaxshi bilsangiz, oʻz qiziqishlaringizga mos oliy oʻquv yurti va kursni osongina topishingiz mumkin. Bundan tashqari ingliz tilini qanchalik mukammal bilsangiz, jahonning top 10taligidagi universitetlaridan birida Grant asosida oʻqish imkoniyatiga ham ega boʻlasiz.

10. Ingliz tili Sizga bir necha madaniyatlar bilan tanishish imkonini beradi.

Ingliz tilini yaxshi bilish sizga dunyoning yuzlab mamlakatlaridagi filmlar, musiqa va adabiyotlardan foydalanish imkonini beradi. Dunyo boʻylab koʻplab kitoblar ingliz tiliga tarjima qilinganini aytmasa ham boʻladi. Boshqa davlatlarning madaniyati, qadriyatlari, odatlari va turmush tarzini oʻrganish Sizni shaxs sifatida oʻsishingizga va sayohat qilgan vaqtingiz oʻsha yerlik insonlar bilan tez chiqishib ketishingizga yordam beradi.

Qayerda kim boʻlishingizdan qatʼi nazar Ingliz tilini bilish Sizning dunyoqarashingizni kengaytirishga yanada keng imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.