Online va offline ta’lim haqida

06 Dec 2021

Online va offline ta’lim haqida

Ma’lumki, ta’lim olishning 2 xil asosiy turi mavjud. Bular “offline” deb ataluvchi an’anaviy ta’lim hamda masofaviy, ya’ni “online” o‘rganish tizimi.

An’anaviy ta’limning kelib chiqishi uzoq tarixga borib taqaladi. Yuzma-yuz o‘rganish va o‘rgatish insoniyat paydo bo‘lgandan buyon davom etib kelayotgan bo‘lsada, oliy ta’lim misolida tarixdagi eng birinchi universitet sifatida 970-yilda Misrning Qohira shahrida tashkil etilgan Al-Azhar universitetini alohida ta’kidlash joiz. Shuningdek, “an’anaviy ta’lim” atamasi ilk bor XVII asrda Ya.A. Komenskiy tomonidan o‘zining “Buyuk didaktika” asarida ta’limning sinf-dars tarzida tashkil etilishi izohi sifatida keltirilgan.

Kompyuter texnologiyasi hamda Internet rivoji esa ta’limda mutlaqo yangi tushuncha “online” ta’lim, boshqa so‘z bilan aytganda, masofaviy ta’lim tushunchasini olib keldi. Garchi ilk onlayn ta’limning boshlanishi 1982-yillarga to‘g‘ri kelsada, umumiy konsepsiya bundan 170 yillar ilgari ishlab chiqilgan.Ammo 2019-2020-yillarda boshlangan pandemiya (Covid-19) tufayli ta’limning bu turi globallashib, o‘qishdan tortib ishgacha barcha tizim onlayn shaklga o‘tkazildi. Xususan, O‘zbekistonda ham ta’limning barcha bosqichlari ushbu shaklda olib borildi va hozirgacha qisman davom etmoqda. Ushbu maqolada siz bilan ta’limning har ikkala turi afzalliklari va kamchiliklarini tahlil qilamiz.

“Offline ta’lim” ning afzalliklari

·       Bir vaqtda talabalarning barchasining diqqatini to‘laqonli darsga jalb qila olish imkoniyati mavjud.

·       O‘qituvchi har bir o‘rganuvchi bilan qisqa fursatlarda individual munosabat qila oladi.

·       An’anaviy ta’lim onlayn ta’limga nisbatan samaraliroq va tushunarliroq.

·       Barcha turdagi o‘rganuvchilar (ko‘rib, eshitib, bajarib, yozib o‘rganuvchilar) uchun qulay metodika va ta’lim texnologiyalari yaratishingiz mumkin.

·       Sarf-xarajat kamroq ( kompyuter, gadjetlar, internet aloqasini ta’minlash masalalaridan yiroq).

·       Tushunishdagi muammolarni tezgina hal qilish imkoniyati mavjud.Shuningdek, talabaning qay darajada o‘zlashtirgani haqqoniy tarzda ko‘rinadi.

·       Talabalar orasidagi sog‘lom raqobat yanada ko‘proq o‘z ustilarida ishlash imkoniyatini beradi.



“Offline ta’lim” ning kamchiliklari

·       Xoh talaba bo‘lsin, xoh o‘qituvchi an’anaviy ta’lim uchun ko‘proq vaqt va energiya sarflaydi. Tayyorgarlik, qatnov uchun ketkazgan vaqtni yanada unumliroq sarflash to‘g‘ri tanlov bo‘lar edi.

·       An’anaviy darslar butun sinf sharoitini hisobga olgan holda uzoqroq vaqt qilib belgilangan. Universitetdagi 80 daqiqalik bir darsingiz va onlayn ta’limda bu vaqt ichida olishingiz mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni taqqoslashning o‘zi fikrning yaqqol dalilidir.

·       Ba’zi sabablar bilan o‘tkazib yuborilgan darsni o‘zlashtirish qiyin kechishi mumkin.

·       Zamonaviy texnologiyalar va o‘qitish metodlaridan foydalanish ko‘rsatkichi kamligi. Bunda dars o‘rganuvchilar uchun zerikarli bo‘lishi mumkin.

·       Talabalar orasida mustaqil ta’lim olishning pasayib ketishi kabilar an’anaviy ta’limning asosiy kamchiliklaridir.

“Online ta’lim” ning afzalliklari

·       Masofaviy ta’lim orqali o‘quvchilarga darslarni tushuntirishning qator samarali va zamonaviy usullari mavjud.Masalan, turli xil audio/videolar, podkastlar,PDF fayllar va hokazolar.

·       Onlayn ta’lim orqali siz qisqa fursatda katta hajmdagi ma’lumotlarni qabul qilishingiz mumkin. Shuningdek, cheksiz Internet olamida istalgan manbaani bir zumda topish imkoniyati bor.

·       Ushbu ta’lim turi an’anaviy bilan taqqoslaganda arzon hisoblanadi.Bundan tashqari, barcha kurs yoki o‘quv materiallari elektron formatda bo‘lib, qog‘ozsiz o‘quv muhitini yaratadi. Bu esa yanada sarf-xarajatni kamaytiradi va atrof-muhit uchun ham foydalidir.

·       Ma’lum sabablarga ko‘ra qoldirilgan darsni o‘zlashtirish qiyinchilik tug‘dirmaydi.

·       Onlayn ta’lim o‘rganuvchi uchun mustaqil ta’lim olish imkoniyatini oshiradi.Bu albatta talabaning o‘qishga bo‘lgan mas’uliyatini oshiradi.


 “Online ta’lim” ning kamchiliklari

·       Uzoq vaqt ekran oldida diqqatni jamlay olmaslik. Bu onlayn ta’limning eng katta kamchiliklaridan biri hisoblanadi. Dars mobaynida talabalarning ijtimoiy tarmoqlar yoki boshqa saytlarga chalg‘ib ketishlari ehtimoli katta.Shu boisdan o‘qituvchilar darslarni aniq, qiziqarli hamda interaktiv usullarda tashkil qilib, o‘rganuvchlar diqqatini qarata olishlari kerak.

·       Masofaviy darslarning asosiy muammolaridan biri – bu internet masalasi. Ta’limning uzluksiz bo‘lishi uchun internet aloqa sifati yaxshi bo‘lishi kerak.

·       Jonli muloqotning kam ekanligi. Buning oldini olish uchun audio suhbatlar, video konferensiyalar o‘tkazib turish mumkin.

Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish lozimki, har ikkala ta’lim turi ham o‘ziga xos yaxshi tomonlari va kamchiliklarga ega. Qanday shakldagi ta’lim bo‘lmasin, o‘rganuvchida kuchli xohish va iroda bo‘lsa, albatta katta-katta yutuqlarga erishish mumkin. Siz qaysi ta’lim turini afzal ko‘rasiz?