Reading imtihoniga to‘g‘ri tayyorlanish

29 Nov 2021

Reading imtihoniga to‘g‘ri tayyorlanish

“Reading” IELTS testining ikkinchi qismi bo‘lib, 60 daqiqa davom etadi. U bosqichma-bosqich qiyinlashib boruvchi uch yoki to‘rtta matnlardan iborat bo‘lib, javob berish uchun jami 40 ta savol bo‘ladi.

Ko‘pchilikka imtihonning bu qismi uchun tayyorlanish qiyin tuyiladi. Chunki “reading” odatda har qanday mavzuni qamrab olishi mumkin. Shuning uchun ham siz puxta tayyorgarlik ko‘rishingiz lozim.

Bugungi maqolamizda ushbu bosqichga qanday samarali tayyorgarlik ko‘rish va yuqori ball olish uchun ahamiyat qaratish lozim bo‘lgan jihatlar haqida batafsil ma’lumot beramiz.

1.Ingliz tilida so‘z boyligingizni oshiring.

Bu eng oddiy,biroq katta e’tibor qaratishingiz lozim bo‘lgan jihat. Chunki matnlar asosi so‘zlardan iborat. Uni tushunish uchun esa lug‘at boyligingizni oshirishingiz, xususan, ilmiy atamalar hamda akademik so‘zlarni ko‘proq yod olishingiz kerak. So‘z yodlaganda nafaqat uning o‘zbek tilidagi tarjimasini, balki inglizcha izohini ham o‘rganing. Ingliz tilidagi aksariyat so‘zlar ko‘p ma’noli ekanligini hisobga olgan holda, bir so‘zni faqatgina uning asosiy ma’nosi bilan emas, barcha ma’nolari bilan birga yod oling. Bu bilan matnni tushunish darajangiz oshadi va o‘z-o‘zidan javob berishingiz osonlashadi.

2.Ko‘proq kitob o‘qing.

Xoh o‘zbek, xoh ingliz tilida ko‘p kitob o‘qish miyaga stimul beradi va o‘qib tushunish malakasi(reading comprehension)ni oshiradi. Bunda siz doimiy tarzda kitob o‘qishni kun tartibingizga kiritishingiz lozim. Shuningdek, bu usul dunyoqarashingizni ham kengaytirib, matnni o‘qib yaxshi tushunish va tahlil qilishingizga yordam beradi.

3.O‘qish tezligingizni oshiring.

 Buni amalga oshirishning faqat bitta yo‘li bor va bu shubhasiz qancha ko‘p o‘qisangiz, shunchalik yaxshi va tezroq o‘qiysiz. Matnlarni va savollarni o‘qish ustida ishlash uchun amaliy testlarni bajarishingiz kerak. Hatto, bo‘sh vaqtingizda, dam olayotganingizda va qiziqarli matnlarni, masalan, roman va komikslarni o‘qiyotganingizda ham, har safar biroz tezroq o‘qishga harakat qiling.

4. “Scanning” ni yaxshilang.

“Scanning” bu ma’lumotni tezroq topish imkonini beruvchi usuldir. Bunda siz matnni so‘zma-so‘z o‘qimaysiz,shunchaki ko‘z yugurtirasiz. Tafsilotlarni tez o‘qib, keraksiz ma’lumotlarga vaqt ajratmaysiz. Bu matnning asosiy g‘oyalarini tushunish va batafsilroq o‘qimoqchi bo‘lgan ma’lumotni topishning ajoyib usuli.

“Scanning”, shuningdek, kalit so‘zlar va raqamlarni tezda topishga yordam beradi.


5. Topshiriqqa kirishishdan oldin vazifani diqqat bilan o‘qing.

Har safar vazifani bajarishni boshlaganingizda, ko‘rsatmalar va misollarni diqqat bilan o‘qib chiqing.

Aksariyat vazifalar bir xil koʻrinadi, shuning uchun ularni bir necha amaliy sinovlardan soʻng birinchi qarashda taniy olasiz. Biroq, siz alohida e‘tibor berishingiz kerak bo‘lgan ba'zi tafsilotlar mavjud. Eng keng tarqalgan uchta vazifa turida nimalarga eʼtibor berishingiz lozim:

 To‘g‘ri/notoʻgʻri/berilmagan: Agar siz “toʻgʻri”ni tanlasangiz, butun jumla toʻgʻri boʻlishi kerak. Bir nechta qiyin savollar mavjud boʻlib, undagi barcha tafsilotlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Ba'zilari to'g'ri, boshqalari esa yolg‘on bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda javob "noto‘g‘ri" bo'ladi.

Mos keluvchini belgilash vazifasi: Allaqachon ishlatgan variantlarni chizib tashlamang. Bu vazifani bajarishning tezkor usulidek tuyulishi mumkin, ammo bu xatolarga olib kelish ehtimoli mavjud. Buning o‘rniga, har bir savol uchun barcha variantlarni qayta ko‘rib chiqing. Shunday qilib, har bir soʻz varianti boshqa savolga mos kelishini koʻrish orqali oʻz xatolaringizni tuzatish imkoniyatiga ega boʻlasiz.

Boʻsh joylarni toʻldirish : Har bir boʻshliq uchun soʻz chegarasidan oʻtmaganingizga ishonch hosil qiling.

6. “Details” (tafsilotlar) ga e’tiborli bo‘ling.

Matnni diqqat bilan ko‘rib chiqing. Katta harflar, raqamlar, grafiklar va jadvallar kabilarning barchasida muhim ma'lumotlar bo‘lishi mumkin. Matnni diqqat bilan o‘qiyotganingizda (skimming) zarur hamda asosiy jumlalarning tagiga chizing. Bu javoblarni qidirishda vaqtni tejashda yordam beradi.

7.Vaqtni to‘g‘ri taqsimlang.

Bu nafaqat “reading” mashqlarida, balki butun IELTS imtihoniga tayyorlanishingizda doimo amal qilishingiz zarur bo‘lgan asosiy qoida hisoblanadi. Imtihonda sizga qo‘shimcha vaqt berilmaydi, shuning uchun amaliy tayyorgarlikda ham vaqtni chegaralang va belgilangan vaqt ichida topshiriqni bajarishga odatlaning.

Umuman olganda “reading” imtihonidan yuqori ball olish unchalik qiyin emas. Yuqoridagilarga amal qilgan holda, katta maqsad bilan o‘z ustingizda doimo shug‘ullansangiz, hattoki “niner” bo‘lish ham muammo bo‘lmaydi.