IELTS dan +7 olish uchun kun tartibi

25 Nov 2021

IELTS dan +7 olish uchun kun tartibi

IELTS sertifikati siz uchun dunyoning nufuzli universitetlarida ta`lim olish va rivojlangan davlatlari, AQSh, Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya kabi davlatlarida yaxshi daromadli ishlarda ishlash imkonini beradi. Undan tashqari yurtimizda ham o`z karyerangizni o`stirishingiz va nufuzli kompaniyalarda faoliyat olib borishingiz uchun ham ingliz tilini yuqori darajada bilishingiz juda katta yordam beradi.

IELTS imtihonida Listening, Reading, Writing va Speaking bo`limlari mavjud. Ingliz tilini qay darajada bilishingizni ko`rsatuvchi IELTS sertifikatidan yuqori darja olish to`laqonli sizning qo`lingizda. Buning uchun sizdan yaxshi metodga ega ustoz va intizom talab etiladi. Agar siz ushbu imtihonga tayyorlanayotgan bo`lsangiz yoki bunga endi qaror qilgan bo`lsangiz siz uchun quyidagi tavsiyalarimiz albatta foyda beradi degan umiddamiz.

“Time management” – siz bu haqida avval ham eshitgan bo`lishingiz mumkin. “Time management” o`z ishining samaradorligini oshiruvchi barcha intizomli insonlar uchun eng kerakli unsur hisoblanadi. Vaqtni to`g`ri taqsimlash, kun tartibiga rioya qilish siz uchun nafaqat til o`rganishingizda balki kelajakda ham samarali faoliyat olib borishingizda kerak bo`ladi. Shuning uchun bunga amal qilishni hozirdan boshlaganingiz maqul.

Agar siz IELTSdan 7 va undan yuqori ball olishni istasangiz o`zingizning imtihon uchun tayyorgarlik rejangizni ishlab chiqing. Bunga quyida kichik bir misol keltiramiz.

Ertalabki mashg`ulotlar.

Ingliz tilida audio tinglash va o`qish (2 soat):

- 1 soat davomida ingliz nashrlarining maqolalarini o`qing;

- 1 soat davomida ingliz tilida filmlar ko`ring, musiqalar va podkastlar tinglang.

Kechki mashg`ulotlar:

- oyna oldida gapirishni mashq qiling yoki ingliz tilida ravon gapiruvchi biror kishi bilan suhbatlashing;

- o`z ovozingiz diktafonga yozib oling va uni qayta eshitib nutqingizni to`g`irlashga harakat qiling;

- so`z boyligingizni muntazam oshirib boring va har qanday mavzuda yozishni boshlang;

- haftada bir marta o`zingizni sinovdan o`tqazing.


Til o`rganishda Britaniyaning OISE Oksford maktabining uslubiga qaraydigan bo`lsak, ular o`quvchilarga mualliflik o`quv qo`llanmalaridan foydalanishadi. Talabalar kunning birinchi yarmida Britaniya ommaviy axborot vositalaridagi yangiliklarni o`qishadi va muhokama qilishadi. Kechki darslarda esa testlar va turli topshiriqlar bajarishga qaratilgan. Ushbu maktabda haftasiga 30 soat o`qitiladi va agar siz bu bilan qoniqmasangiz o`zingiz uchun qo`shimcha kichik guruhlarda tayyorgarlikni ham tanlashingiz mumkin bo`ladi.

Har bir bo`lim uchun mustahkam tayyorlanish uchun kundalik vazifalaringizni tuzib chiqing va bunga amal qiling. Vazifalarni taqsimlashni quyidagi reja asosida qilishingiz maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Tinglash:

- ingliz tilida yangiliklarni tinglash;

- maxsus audio yozuvlarni tinglash;

- imtihoningiz uchun moslashtirilgan video va audiolardan foydalanish.

Bir narsani yodingizdan chiqarmang to`g`ri kelgan audiolarni tinglash va filmlarni ko`rishingiz maqsadga muvofiq emas. Ko`plab filmlarda asosan zamonaviy ingliz shevasidan foydalaniladi lekin bu siz imtihon topshirayotgan vaqtingizda sizning zararingizga xizmat qilishi mumkin. Shuning uchun iloji boricha rasmiy yangiliklarni eshitishga va imtihoningiz uchun moslashtirilgan matreallardan foydalaning. Ushbu mashg`ulotni ertalab bajarish tavsiya etiladi.

Og`zaki nutq:

- do`stlar va tanishlar bilan ingliz tilida muloqot qilish;

- yuqorida aytganimizdek oyna oldida mashq qilish;

- ijtimoiy tarmoqlar orqali ingliz zabon do`stlar orttirish va ular bilan suhbatlashish.

O`z nutqingizni diktafonga yozib yuring va buni davomiy tinglab undagi xatolarni bartaraf qiling. Ushbu mashg`ulotlarga tushlikdan keying bir necha soatni ajrating. Bu albatta shartli hisoblanadi siz o`zingizning kun tartibingizning istalgan vaqtida yuqoridagi mashg`ulotni qilishingiz mumkin. Asosiysi buni muntazam bajarib borishdadir.

O`qish:

- kundalik mavzular haqida qisqa matnlarni o`qish (yangiliklar, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar);

- har bir mavzu bo`yicha aniq so`z va iboralar ro`yxatini shaklantirish;

- imtihoningiz uchun moslashtirilgan adabiyotlarni o`qing;

- matnlarni lug`atsiz tushunishga o`rganing.

Qancha ko`p o`qisangiz shuncha yaxshi. Lekin bu jarayonni muntazam va mazmunli bajaring. Xususan kundalik yangiliklarni kunning har qanday vaqtida o`qishingiz mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda ingliz tilidagi rasmiya nashrlarga obuna bo`lishni unutmang. O`tgan asrda yozilgan adabiyotlarni o`qish bilan chalg`imang. Zotan imtihondan muvaffaqiyatli o`tganingizdan so`ng bu uchun sizda juda ko`p vaqt bo`ladi. Imtihoningiz mavzulariga yaqin mavzulardan foydalaning va imtihon topshirib chiqqan insonlarning imtihon haqidagi fikrlarini kuzatib boring. 

Yozish:

- qisqa insholar yozishni mashq qiling;

- xatingizni chiroyli va bexato qiling;

- imtihondan o`tgan insonlarning insholari bilan tarnishing;

Yozgan ishlaringizni doim ustozingizga tekshirtiring va xatolar ustida ishlang. Yozuv mashqlarini tushdan keyingi vaqtda bajaring.

Yuqoridagi mashg`ulotlarga qo`shimchalar kiritish yoki kiritmaslik sizning ixtiyoringizda. Eng asosiysi bularni har kuni bajarish va kun tartibingizni shunga moslab tuzishdir. Oldingizga qo`ygan maqsadingizda erishishda reja tuzish va bunga tartib bilan amal qilish muhim o`rin tutadi shuni unutmang. Taniqli adib Robin Sharma aytganidek: “Vaqtni boshqarish bu hayotni boshqarishdir”, shuni unutmang. Yuqorida keltirilgan vazifalarni bajarishingizda va imtihondan yuqori natijalar qo`lga kiritishingizda sizlarga omad tilab qolamiz.