Ingliz tilini oʻrganishdagi odatiy xatolar?

18 Nov 2021

Ingliz tilini oʻrganishdagi odatiy xatolar?

Ingliz tilini oʻrganish — bir qarashda tuyuladigan kabi unchalik murakkab va imkonsiz vazifa emas. Istalgan muvaffaqiyatga erishish uchun ish oqimini toʻgʻri tashkil etish va umumiy xatolardan qochishga harakat qilish kerak. Ushbu maqolada biz hatto eng mehnatsevar kishilarning nima uchun yaxshi natijalarga erisha olmasliklarining sabablarini koʻrib chiqamiz.

Juda katta umidlar

Afsuski, bugungi kunda har birimizga reklama salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Sizning shahringizda bir necha hafta ichida sizning darajangizni sezilarli darajada yaxshilashni vaʼda qilgan yangi “chet tili oʻquv markazi” ochildimi? Bunday shirin yolgʻonga ishonmang: qisqa vaqt ichida siz ingliz, nemis yoki xitoy tilini oʻrgana olmaysiz. Bilimingizni noldan munosib darajaga olib chiqish uchun kamida 1 yil davomida tayyorlanishingiz kerak.

Maqsadni notoʻgʻri belgilash

Agar siz tilni faqat moda uchun yoki “ingliz tilisiz hech ilojsiz” ekanligi uchun oʻrganayotgan boʻlsangiz, u holda siz juda kuchli motivatsiyaga ega boʻlmaysiz. Haqiqiy maqsad — bu yangi va istiqbolli ishga ega boʻlish, malakani toʻliq oʻzgartirish, nufuzli taʼlim muassasasiga kirish (masalan, chet eldagi), sayohat qilish uchun tilni oʻrganishdir. Yangi bilimlar sizga qanday foyda keltirishi haqida aniq maʼlumotga ega boʻlishingiz kerak.

Grammatikaga haddan ziyod diqqat qaratish

Eng mashhur va xavfli xatolardan biri. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, faqat grammatikani juda faol oʻrganish nutq qobiliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Nima uchun deysizmi? Real vaqtda muloqot ingliz tili grammatikasiga qaraganda yuqori tezlikka ega. Koʻrinib turibdiki, yuzlab oʻrganilgan qoidalarni eslashingiz uchun yetarli vaqtingiz boʻlmaydi. Demak, ingliz tili grammatikasini ongli va intuitiv darajada egallashingiz muhim. Eng yaxshi usul — bu chet elliklar bilan faol muloqot qilish va toʻgʻri inglizcha nutqni tinglashdir.

Faqat rasmiy kitoblar boʻyicha ingliz tilini oʻrganish

Taʼlimga bunday yondashuvni faqat jiddiy xalqaro testni topshirmoqchi boʻlsangiz, oqlanadi. Oʻzingizning bilimingizni sezilarli darajada yaxshilashingiz kerak boʻlsa, boshqa usullarni yoddan chiqarmang. Ingliz tilidagi “native speaker” lar muloqotda jiddiy darsliklarda topishingiz mumkin boʻlgan aqlli iboralardan deyarli foydalanmaydi. Agar siz muvaffaqiyatga erishmoqchi boʻlsangiz, iboralarni, feʼllarni va hatto slenglarni ham oʻrganishni unutmang.

Ideallik sari juda kuchli intilish

Oʻqituvchilar va ularning talabalari koʻpincha xatoga juda koʻp diqqat qaratishadi va ular tufayli xafa boʻlishadi. Afsuski, ideallik sari yaqinlashishga intilayotganingizda, hatto “native speaker” lar ham nutqlarida xatolarga yoʻl qoʻyishlarini unutib qoʻyasiz. Negativlikda qotib qolish oʻrniga, muloqot va tilni oʻrganish jarayoniga eʼtibor bering. Sizning maqsadingiz oʻz fikrlarini boshqalarga tushunarli boʻlgan tarzda yetkazishni oʻrganishdir. Vaqt oʻtishi bilan siz eski xatolarga yoʻl qoʻymaysiz.

Maktablar va oʻqituvchilardan umid qilish

Ingliz tilini oʻrganayotgan koʻplab odamlar, til markazlari yoki kurslardagi oʻqituvchilar ortiqcha ishonishadi va masʼuliyatni ularning zimmalariga yuklab qoʻyishadi. Bu butunlay notoʻgʻri. Avvalo, hamma narsa sizga bogʻliq. Yaxshi oʻqituvchi faqat kerakli yordamni taqdim etadi. Oʻqituvchingiz sizga uy vazifasi bermagan boʻlsa ham, har kuni mashq qilishni toʻxtatmasligingiz kerak. Faqat siz oʻzingizni jiddiy oʻrganishga majbur qilishingiz mumkin.

Alohida soʻzlarni oʻrganish

Shaxsiy leksik birliklarni oʻrganish oʻrniga, tayyor iboralarni eslab qolishga diqqat qaratishingiz kerak. Kichik bolalar kabi. Bolalikda “do-did-done” kabi tartibni yod olganingiz esingizdami? Aynan shunday kombinatsiya soʻzlarni maʼlum bir qolipda eslab qolishingizga koʻmak beradi. Toʻgʻri, aslida, bu unchalik qiyin emas. Bu borada siz uchun eng yaxshi yordamchi — oʻqish.

Oʻrganilgan materialni yetarli darajada mustahkamlamaslik

Har qanday tilni oʻrganayotganda “kamroq, lekin yaxshiroq” qoidasiga amal qilish kerak. Agar siz kecha oʻrgangan iborangizni bir oy ichida eslay olaman deb hisoblasangiz, bu notoʻgʻri tushunchadir. Foydalanilmagan va talab boʻlmagan maʼlumotni bizning miyamiz chiqindiga chiqarib tashlaydi. Agar maʼlum bir vaqt oraligʻida oʻrganilgan materialni bir necha marta takrorlash uchun vaqt topsangiz ajoyib boʻladi. Misol uchun, ilk takrorlash — bir necha kun oʻtgandan soʻng, keyingisi 3-4 kundan keyin va uchinchisi esa bir haftadan soʻng. Bu usul uzoq muddatli xotirada muhim bilimlarni mustahkamlash va kerak boʻlganda ularni osongina “olish” imkonini beradi.

Erta gapirish

Chet tillarni oʻrganishning tezkor usullarini yaxshi koʻradiganlar ingliz tilida gapirishni birinchi mashgʻulotdan boshlash kerakligini taʼkidlaydilar. Endi tasavvur qiling-a: boshqalarning nutqi bilan tanishishni boshlagan bola darhol gapirishga majbur boʻlsa. Bundan bir narsa chiqishi faqat ehtimol. Maʼlum bir bilim zaxirangiz boʻlmasa, siz bir soʻz ham ayta olmaysiz. Shuning uchun savodli repetitorlar talabaning eʼtiborini “native speaker” lar tomonidan tayyorlangan audio yozuvlarni tinglashga qaratadi.

Notoʻgʻri tashkil etish

Mashgʻulotlarni oʻtkazib yuborish, maʼlum bir taʼlim uslubining yoʻqligi, repetitorlarni doimiy ravishda oʻzgartirish – bunday tempda siz ingliz tilini tez va sifatli oʻrgana olmaysiz. Birinchidan, shaxsiy vaqtingizni toʻgʻri rejalashtirish kerak. Agar mustaqil oʻrganishga qaror qilgan boʻlsangiz, darslarni haftasiga kamida 3-4 marta oʻrganishga harakat qiling. Yaxshisi — har kuni. Aks holda, sezilarli taraqqiyotga erishishingiz qiyin boʻladi. Ikkinchidan, darsning boshlanish va tugash vaqtini aniq koʻrsatilgan jadvalni yozing. Tilni oʻrganishda erishmoqchi boʻlgan qisqa muddatli maqsadlaringizni belgilang. Belgilangan rejaga rioya qiling va darslarni oʻtkazib yubormang.

Talaffuzda konsentratsiyaning yoʻqligi

Ingliz va rus tilining talaffuzi sezilarli darajada farq qilishini har bir kishi eshitgan. Grammatikani yaxshi bilishingiz, yaxshi leksik zaxiraga ega boʻlishingiz va hatto olingan bilimlarni amalda qoʻllashingiz, lekin ... dahshatli aksent bilan gapirishingiz mumkin. Bunday hodisaning juda koʻp sabablari boʻlishi mumkin: malakaga ega boʻlmagan oʻqituvchini tanlash, talaffuz ustida ishlashga yetarli vaqt ajratmaslik, audio kurslarni eʼtiborsiz qoldirish, ingliz tilida jonli muloqotning yetishmasligi... Asosiy muammo shundaki, vaqt oʻtishi bilan talaffuz xatolarini bartaraf etish yanada qiyinlashib boradi. Shu sababdan oʻz vaqtida ularga diqqat qarating!

Ingliz tilida oʻqishni istamaslik

Ha, xorijiy gazetalar, jurnallar va kitoblarni oʻqish — juda qiyin ishdir. Lekin siz yozilgan har bir soʻzni toʻliq tushunishingiz shart emas. Matnning umumiy maʼnosini tushunish va kontekst boʻyicha leksik birliklarning maʼnosini aniqlashni oʻrganish muhimdir. Muntazam oʻqish nafaqat shaxsiy zaxirangizni kengaytirishga, balki oʻz nutqingizni toʻgʻri shakllantirishni oʻrganishga ham yordam beradi. Sezmagan holda, siz ingliz grammatikasining oʻndan ortiq qoidalarini oʻrganasiz. Arzon (hatto bepul) amaliyot variantidan voz kechmang.

Shunday qilib, ingliz tilining choʻqqisigacha boʻlgan yoʻlda har bir insonni juda koʻp turli xil xatolar kutmoqda. Buning hech qanday uyat joyi yoʻq: faqat hech narsa qilmaydigan kishigina xato qilmaydi. Albatta, nozik va tajribali oʻqituvchi qiyinchiliklarni bartaraf etishda sizga yordam berishi ajoyib boʻlar edi.

Muammolarni oʻzingiz hal qilishingiz mumkin, ammo bu jarayon biroz koʻproq vaqt talab etadi. Shunday ekan oʻquv markazining malakali ustozlaridan bilim olish sizning choʻqqiga sari boʻlgan yoʻlingizni sezilarli darajada qisqartiradi!